Yuklanmoqda...
Diqqat! Sayt test holatida ishlamoqda!

Muzey haqida

Muzeylar o‘tgan davrni bugungi kun bilan bog‘laydigan ko‘priklardir. Har bir xalq o‘zining tarixi, madaniyati, an’alarini asrab-avaylash, o‘rganish, keyingi avlodlarga etkazishga intiladi. Bu borada aynan muzeylar boy merosimizni asrab-avaylash, ma’naviy barkamol jamiyatni tarbiyalash, milliy iftixor va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini singdirishning eng samarali vositalaridan biri sanaladi.
Andijon viloyatidagi tarix va madaniyat davlat muzeyi o‘zining yuqori salohiyati bilan ajralib turadigan ilmiy-ma’rifiy markazlardan biridir. Muzey 1934 yilda viloyat qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasining bazasida tashkil etilgan bo‘lib, Andijon viloyat o‘lkashunoslik muzeyi deb atalib kelgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 975-sonli qarori asosida 2017-yil 11-dekabrda Andijon tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyi hamda Andijon viloyati Adabiyot va san’at muzeyi (1972-yilda tashkil etilgan) qayta tashkil etilib, yangi tuzilma – Andijon viloyati tarix va madaniyat davlat muzeyiga birlashtirilgan. Hozirgi kunda muzey to‘rt bo‘lim va bitta filialdan iborat.
Muzey faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan boy ma’naviy, madaniy va ilmiy merosni to‘plash, o‘rganish va asrab-avaylashdan iboratdir. Muzey kolleksiyasidagi tarixning tilsiz guvohlari bo‘lgan ushbu buyumlar xodimlar tomonidan qariyb 90 yil davomida to‘plangan bo‘lib, ular birinchi navbatda, qariyb 3 ming yillik umumiy o‘zbek davlatchiligi tarixining ajralmas qismi bo‘lgan Andijon viloyatining o‘tmi shi haqida hikoya qiladi. Bundan tashqari, bu buyumlar O‘zbekistonning jahon tsivilizatsiyasi tarixida tutgan o‘rni va rolini xolisona baholash imkonini ham beradi.
Muzey ekspozitsiyalari va ko‘rgazmalari muntazam yangilanib, yangi eksponatlar bilan boyitib boriladi. Har yili unga tashrif buyuruvchilar, ayniqsa sayyohlar soni tobora ortib bormoqda. Yana shuni ta’kidlash joizki, ekspozitsiyalarning marshruti xronologik tartibda tuzilgan bo‘lib, ular Andijon viloyati misolida mamlakatimizning asrlar qayeridan kelayotgan tarixini izchil bilan ochib beradi.
Muzeyning ilmiy salohiyati yil sayin ortib bormoqda. Uni mustahkamlashda turli soha vakillari – tarixchilar, arxeologlar, filologlar, geologlar, biologlar Ishtirok etishgan. Muzey tadqiqotchilari tomonidan olib borilgan ekspeditsiyalar natijasida qo‘lga kiritilgan minglab arxitektura artefaktlar bugungi kunda mamlakatimiz tarixi, etnografiyasi va madaniyatini o‘rganishda qimmatli manba sifatida xizmat qilmoqda. Muzey tashkil etilganidan buyon unga o‘z sohasining eng fidoyi mutaxassislari rahbarlik qilib kelmoqda. Ular orasida A.D. Lukin (1934–1942), V.V. Sidenko (1942–1947), M.A. Mogil'nikova (1947–1964), G.G. Gofurov (1964–1986), B.M. Supurgibekov (1986–1998), M. Nurmatovlar (1998–2005) bor. 2005 yildan hozirgi kungacha muzeyga Ixtiyor Mahmudovich Rasulov rahbarlik qilib kelmoqda. Muzeyni rivojlantirish, fondlarni shakllantirishda xodimlardan V. Kozinkova, R. Rahmatulina, B. Abdulg'oziyeva, A. Kruglov, O. Tuxtaboev, T. Bo'irov, D. Yusupov, T. Xoshimov, Z. Solieva, R. Muhammadova va boshqalar ham katta hissa qo'shishgan. Muzeyning asosiy ekspozitsiyalaridagi eksponatlar soni keskin ko'payganligi sababli 1982-yilda unga yangi, zamonaviy va shinam bino ajratildi. Sobiq Leningrad san’at kom- binatidan taklif qilingan haykal taroshlar jamoasi tomonidan uning old qismiga kuydirilgan shamot (oq loy)dan tayyorlangan dekorativ reliefli panno joylashtirildi.
Andijon viloyati tarix va madaniyat davlat muzeyi fondlarida bugungi kunda 156 mingdan ortiq bebahо arxitekturik artefaktlar, numizmatika namunalar, etnografik eksponatlar, shuningdek, noyob arxiv ma’lumotlari, qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar, fotosuratlar, tasviriy san’at asarlari saqlanadi.